Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda yozuvchi Nurullo Otaxonovning poytaxt aeroportida qo‘lga olinganiga izoh berdi.

Nurullo Otaxonov (taxallusi — Nurullo Muhammad Raufxon) 27 sentyabr kuni ikki yil yashagan Turkiyadan O‘zbekistonga qaytib keldi. U rasmiy qidiruvda ekanligi sababli yetib kelishi bilan qo‘lga olindi, deya xabar qildi Doniyor Toshxo‘jayev.

«Otaxonov Nurulloga nisbatan 11 may kuni 159-modda bo‘yicha [Jinoyat kodeksi — O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish] jinoiy ish qo‘zg‘atildi, — Doniyor Toshxo‘jayev. — Mazkur jinoiy ish bo‘yicha qator tergov harakatlari amalga oshirildi va unga nisbatan 159-modda 1-qism, 244-modda 3-qism „g“ bandi bo‘yicha sirtdan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish ko‘rinishidagi chora tanlangan va qidiruv e’lon qilingan».

Doniyor Toshxo‘jayevning ta’kidlashicha, ayni paytda jinoiy ish bo‘yicha yozuvchiga nisbatan amnistiya to‘g‘risida hech qanday hujjat mavjud emas. U huquqni muhofaza qilish organlariga rasman murojaat qilmagan.

«Hozircha tergov olib borayapmiz. Biz [barcha zarur] tergov tadbirlarini olib boramiz, agar kerak bo‘lsa, qo‘shimcha ekspertiza belgilaymiz. Agarda uning aybi tasdiqlanmasa yoki uning harakati amnistiya aktiga tushsa, tabiiyki biz qonun bilan qaror qabul qilamiz», — dedi u.