Toshkent IIBB xodimlari, huquqni muhofaza qilish organlari ma’lumotlariga ko‘ra poytaxtning «kriminal avtoriteti» maqomiga da’vogarlik qilayotgan Abbosxon Xodjayev qo‘lga olindi. Ushbu ma’lumot 28 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev tomonidan tasdiqlandi.

«Uning jinoiy guruh tashkil etib, avtoritet maqomini qo‘lga kiritish uchun harakat qilgani to‘g‘risidagi axborot tasdig‘ini topmoqda, — dedi Doniyor Toshxodjayev. — Tezkor kuchlar tomonidan mazkur urinish bartaraf etildi. U hibsga olindi, sheriklari aniqlanmoqda».

Abbosxon Xodjayevga nisbatan giyohvand moddalarni saqlash aybi e’lon qilindi (O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 273-moddasi (5-qismi) — giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish).

«Ishontirib aytishim mumkinki, Toshkentda hech kimning qonundan ustun bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Konstitutsiya, Jinoyat-protsessual kodeks, normativ hujjatlar, hokimiyat, huquqni muhofaza qilish organlari bor. Bu yerda «ko‘cha"ga o‘rin yo‘q. Har qanday urinish keskin bartaraf etiladi», — dedi Doniyor Toshxodjayev.

IIBB sayti 13 sentyabrda Abbosxon Xodjayevning qo‘lga olinganini xabar qilgandi.