O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Buxoro viloyatining Romitan tumanida ovqatdan ommaviy zaharlanish holati to‘g‘risida xabar berdi. 27 sentyabr soat 10.00 gacha tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga jami 166 nafar fuqaro murojaat qilgan, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Barcha jabrlanganlar 25 sentyabr kuni tuman markazidagi «Diyor» to‘yxonasida bo‘lgan va tuxum barak iste’mol qilgan. Ular ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rig‘i va umumiy holsizlikdan shikoyat qilgan. Ularga «O‘tkir diareya, ovqatdan zaharlanish» tashxisi qo‘yildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, murojaat qilganlarning 72 nafariga ahvoli yaxshilangani tufayli uyiga javob berilgan. Ayni paytda Romiton tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limida 92 nafar va 2 nafar bemor esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

«Bemorlarning holati qoniqarli, og‘ir kasallar yo‘q, ularning barchasiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda», — deya xabar qildi vazirlik.

Epidemik vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan. Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o‘rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul mutaxassislari, jumladan, respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori A.Xudayarov, respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi B.Almatov, Epidemiologiya — mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti direktori A.Abdushukurov va bir guruh yetakchi mutaxassislar Buxoro viloyati Romitan tumaniga yuborilgan.