23 sentyabr kuni Namanganda Islom Karimov shoh ko‘chasi bo‘ylab bunyod etilgan birinchi to‘laqonli veloyo‘lakning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Uning ochilishi munosabati bilan «Shahrimizni birgalikda obod qilaylik!» shiori ostida velomarafon bo‘lib o‘tdi.

Piyodalar yo‘lagining o‘ng tomonida joylashgan veloyo‘lak «Do‘stlik» bozori qarshisidagi maydondan boshlanib, Namangan muhandislik pedagogika instituti avtoturargohigacha davom etadi. Uning umumiy uzunligi 2264 m bo‘lib, birinchi tomoni 1111 m, ikkinchi tomoni esa 1153 m ni tashkil etadi.

Ushbu tashabbus YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori moliyaviy ko‘magida «Ekologik tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasiga ko‘maklashish — faza II» loyihasi doirasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Loyiha jarayonida trotuarning shikastlangan qismlari ta’mirlanib, ayrim joylariga yangi qoplamalar yotqizildi, yo‘l belgilari o‘rnatilib, chiziqlar chizildi. Avtoturargoh yaqiniga velosipedchilarni himoya qilish uchun to‘siq o‘rnatildi. Ikkita joyga har biri 10 velosipedchiga mo‘ljallangan to‘xtash joyi tashkil etildi.

YeXHT Loyihalar koordinatori velomarofon ishtirokchilariga 80 ta velosiped taqdim etdi. Ushbu velosipedlar aksiyadan so‘ng mehribonlik uylari, maktablar va o‘zini o‘zi boshqarish organlariga beg‘araz foydalanish uchun berildi.

«Loyihadan ko‘zlangan maqsad — vilosiped kabi ekologik transport turi shahar transport tizimiga integratsiya qilinib, atrof-muhitga zararli ta’sirni kamaytirish mumkinligini ko‘rsatishdan iborat», — dedi YeXHT Loyihalar koordinatori Idorasining loyihalar bo‘yicha milliy maslahatchisi Murod Husanov «Gazeta.uz"ga.

Loyiha olti oy davomida amalga oshirildi, deya xabar qildi u. Uning ta’kidlashicha, ko‘p vaqt tashkiliy ishlar, loyihalashtirish, shuningdek shahar ma’muriyati va boshqa mahkamalar bilan kelishishga sarflandi.