26 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida P.F.Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibragimov o‘limi to‘g‘risidagi birinchi majlis bo‘lib o‘tdi. Sud majlisi ochiq formatda bo‘lib o‘tdi — unda OAV va fuqarolar ishtirok eta oldi.

Sud majlisiga sudya Matchonboy Matchonov raislik qildi. Davlat ayblovchisi sifatida tuman prokurori yordamchisi, adliya kichik maslahatchisi Baxtiyor Akromov ishtirok etdi. Ish ob’ektiv ko‘rib chiqilishi uchun guvohlar zalni tark etishdi.
Jabrlanuvchi tomonidan halok bo‘lganning onasi Nilufar Aliyeva (1979 yilda tug‘ilgan) yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish talabini e’lon qildi. Jasurbekning otasi Mahamadjon Tursunov (1974 yilda tug‘ilgan) bir vaqtning o‘zida jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vo tomon vakili sifatida ishtirok etdi.
Ayblovchi ayblov xulosasini e’lon qildi: «O‘tkazilgan tergov harakati natijalari bo‘yicha Tulyaganov Islombek Abdujalilovich jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda ayblanmoqda».
«2017 yilning 3 may kuni taxminan 14:00 da Mirobod tumanining Shahrisabz ko‘chasida Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji hududida mazkur kollejda tahsil oluvchi Islombek Tulyaganov va Jasurbek Ibragimov kelishmovchilik sababli janjallashib qoladi, xuddi shu kuni taxminan 14:20 da ular Yashnobod tuman Istiqbol ko‘chasida joylashgan 145-maktab ortidagi garajlar yaqinida uchrashadi, bu yerda Tulyaganov oyoqlari va qo‘llari bilan jabrlanuvchiga bosh, qorin va tananing hayotan muhim bo‘lgan boshqa qismlariga hayot uchun xavfli tan jarohatlarini yetkazadi», — deyiladi xulosada.
Natijada Ibragimov: qorin sohasi organlari jarohati, o‘n ikki barmoqli ichak devorlarining travmatik yorilishi, yo‘g‘on ichak gematomasi, oshqozon jarohati, o‘ng buyrak jarohati, bosh miya yopiq jarohati, miya chayqalishi, peshonaning o‘ng qismida teri osti gematomasi, peshona, burun, ko‘krak, qorin, yelka, oyoq va qo‘llarda ko‘p sonli tirnalish va yumshoq to‘qima jarohatlari kabilarni oladi. Shifokorlar yordam ko‘rsatganiga qaramasdan, u 1 iyun kuni Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazida vafot etdi.
29 iyuldagi №7-K sonli sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Jasurbek Ibragimovning o‘limiga jarohatdan keyingi yiringli xoletsistit, diffuziyali yiringli-fibrino-o‘t peritoniti, sepsis, ikki tomonlama fibrinoz-yiringli pnevmoniya, miya va o‘pkalarning shishishi, shuningdek, qorin sohasi organlarining yopiq jarohatlari keltirib chiqargan o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘n ikki barmoqli ichak devorlarining travmatik yorilishi va boshqa jarohatlar sabab bo‘lgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi Islombek Tulyaganovga (1999 yilda tug‘ilgan) nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi (3-qism «d» bandi) — jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish — bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ayblov xulosasi 29 avgust kuni tuzilgan.
Rais Islombek Tulyaganovdan e’lon qilingan modda bo‘yicha ishlarni sodir etganini tan olishini so‘radi. «Tan olmayman», — deya javob berdi u.
Birinchi bo‘lib vafot etganning onasi Nilufar Aliyeva so‘roq berdi. Tomonlar advokatlari, prokuror va sud raisi unga savollar berdi. Mahamadjon Tursunov turmush o‘rtog‘ining ko‘rsatmalarini tasdiqladi.
Sud raisi keyingi majlis 29 sentyabrda bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.
Sud majlisi tafsilotlarini yaqin vaqtlar ichida «Gazeta.uz» orqali o‘qing.