25 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘zbek-tatar biznes-forumi jarayonida savdo-sotiq, sog‘liqni saqlash, turizm va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi.

Forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga 50 ga yaqin Tatariston korxonalari vakillari tashrif buyurdi. Respublika delegatsiyasiga Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov rahbarlik qildi.

Mehmonlarni qutlagan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov Tatariston bilan tovar aylanmasi hajmini 2−3 barobarga oshirish rejasi to‘g‘risida ma’lum qildi.

G‘ulomjon Ibragimov.

«Elektrotexnika, kimyo va neft kimyosi, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, teri-poyabzal sanoati, mashinasozlik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi», — dedi u.

«Hamkorligimiz darajasi imkoniyatlarimizga mos emas, ayniqsa iqtisodiyot sohasida, — deya qayd etdi Rustam Minnixanov. — Biz avtomobilsozlik mahsulotlari, kompressor, neft kimyosi, muzlatkich va tibbiyot uskunalarini yetkazib berish, sog‘liqni saqlash hamda neft va gaz kimyosi sohalarida aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdormiz».

Rustam Minnixanov.

U Tatariston O‘zbekistonda elektro va gidroenergetika ob’ektlari qurilishi va modernizatsiyasida ishtirok etishni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Biznes-forum jarayonida O‘zbekiston va Tatariston sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida simulyatsion o‘quv markazini tashkil etish va o‘zbek-tatar robot-simulyatorlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.

Ikki davlat turizm mahkamalari ham hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga erishdi. «O‘zfarmsanoat» kompaniyasi Sergo nomidagi zavod bilan maqsadlar to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.