O‘zbekiston Prezidenti 23 sentyabr kuni «Suv resurslarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjat daryo, ko‘l, suv omborlari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv ob’ektlari o‘zanlarini tozalash va ular qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni o‘tkazish niqobi ostida shag‘al va qum mahsulotlarini nazoratsiz qazib olish holatlariga barham berishga qaratilgan.

Bunday faoliyat ustki va yer osti suvlarining tugashi, muhofaza qilinadigan suv zonalarining botqoqlanishi va ifloslanishi, ular qirg‘oqlari, sug‘orish tizimlari, transport va gidrotexnika infratuzilmalarining buzilishi, shuningdek favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelishi mumkin, deyiladi hujjatda.

2017 yil boshidan buyon daryo o‘zanlarini tozalash va ular qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha noqonuniy ish olib borilgan 228 ta holat aniqlangan bo‘lib, ularning 176 tasida sub’ektlar davlat ekologiya ekspertizasi shartnomasini tuzmasdan yoki noruda foydali qazilmalar mavjud yer usti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyasiz faoliyat olib borgani ma’lum bo‘ldi.

Qarorda bu kabi ishlar faqatgina toshqin suvlar va sel oqimlarini o‘tkazish imkoniyati cheklanganligi natijasida vujudga keladigan salbiy oqibatlarga barham berish uchungina amalga oshirilishi belgilandi.

Mazkur choralarni amalga oshirish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ixtisoslashgan muhandislik-texnik otryadlar tashkil etilib, ular toshqin, sel va o‘pirilish xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda qirg‘oqlarni mustahkamlash, himoya va tiklash ishlarini amalga oshiradi. Mazkur faoliyat bilan boshqa tashkilotlar ham shug‘ullanishi mumkin.

Noruda foydali qazilmalarni qazib olishni tartibga solish va ularning ekologiyaga salbiy ta’sirini bartaraf etish uchun mazkur faoliyat daryo o‘zanlarini tozalash va ular qirg‘oqlarini mustahkamlashda litsenziya asosida amalga oshirilishga ijozat beriladi.

O‘zanlarda noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun litsenziya tasdiqlangan zaxiralar mavjud bo‘lganda va suv rejimiga salbiy ta’siri aniqlanmaganda Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi tomonidan taqdim etiladi.

Ushbu sohada qonunchilikning buzilishini aniqlash va bartaraf etish maqsadida viloyat, tuman va shahar darajasida 12 ta vazirlik va tashkilotlar vakillaridan iborat doimiy faoliyat olib boruvchi mahkamalararo guruhlar tashkil etiladi.

Ushbu guruhlar respublikadagi umumiy uzunligi 12,7 ming kilometrni tashkil etuvchi 437 ta daryo va boshqa suv ob’ekti hududida faoliyat olib boradi. Mahkamalararo guruhlarga prokuratura organlari rahbarlik qiladi.