O‘zbekistonda 2020 yil 1 iyuliga qadar jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan hayvonlarning yagona identifikatsiya tizimi joriy etiladi. Barcha jonivorlar (yirik va mayda shoxli qoramollar, cho‘chqalar, otlar, eshaklar va tuyalar, shuningdek kuchuk va mushuklar) bosqichma-bosqich identifikatsiya qilinib, yagona elektron axborot tizimiga kiritiladi. Bu hukumatning 22 sentyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Qaror asosida tasdiqlangan nizomga muvofiq, shaharlarda saqlash uchun ruxsat beriladigan chegaraviy miqdori o‘rnatilishi lozim. Jismoniy va yuridik shaxslarga identifikatsiya qilinmagan hayvonlarni saqlash taqiqlanadi.

Yagona axborot tizimiga ma’lumotlarni tuman va shahar veterinariya bo‘limlari kiritadi. Hayvonlarga quloq uchun birka (yirik va mayda shoxli qoramol, tuya va cho‘chqalarda), tavro yoki kleyma (ot va eshaklar), jetonlarda (kuchuk va mushuklar) aks ettiriluvchi individual raqam beriladi. Hujjatda barcha turdagi hayvonlarga elektron chiplar o‘rnatilishi mumkinligi qayd etilgan. Identifikatsiya jarayoni pulli bo‘ladi.

Identifikatsion raqamga namuna:

UZ A 7

00000017

Bu yerda UZ — ISO bo‘yicha davlat kodi, A — hudud (bu holatda — Qoraqalpog‘iston), 7 — hayvon turi (bu holatda — kuchuk), 00000017 — ID-raqam (ot va eshaklar uchun — to‘rtta raqam)

Ma’lumotlar bazasida jonivorning raqami, turi, jinsi, laqabi, tug‘ilgan joyi va vaqti, egasining ism-sharifi, yuridik shaxsning ismi va manzili, saqlash joki, veterinar pasporti haqidagi ma’lumotlar, ehtimol hayvonning rasmi kabilar o‘rin oladi.

Jonivor egasi almashganda yoki mamlakatning boshqa hududiga olib o‘tilganida identifikatsion raqamli atribut o‘zgarishsiz qolib, faqatgina veterinar pasportdagi ma’lumotlar o‘zgartiriladi va ma’lumotlar bazasiga kiritiladi.

Hayvon o‘lganida, yo‘q qilinganida yoki so‘yilganida veterinariya xizmati ID-atribut va veterinar pasportni yo‘q qilib, bu haqda ma’lumotlar bazasiga qayd etib qo‘yadi. Go‘shti iste’mol qilinadigan hayvonlar uchun bazaga ma’lumot kiritilganida u yerga go‘shti iste’mol qilingani yoki yo‘q qilingani qayd etiladi.

So‘yish uchun import qilingan jonivorlar bir hafta ichida so‘yilishi lozim va ular identifikatsiya qilinmaydi.

Jonivor identifikatsiya qilinganidan so‘ng uch kun ichida veterinar pasport taqdim etilishi lozim (qo‘y va echkilar uchun guruh pasporti berilishi mumkin). Pasportda ID-raqam va kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rin oladi.

Yirik va mayda mollar, shuningdek tuyalar tug‘ilganidan 14−30 kun ichida, ot va eshaklar to‘rt oylikdan, cho‘chqa bolasi bir oylikdan, kuchuk va mushuklar uch oylikdan bo‘lganidan so‘ng ro‘yxatga olinadi.

Hayvonlar egasi veterenariya xizmatiga jonivor sotilgani yoki tortiq qilingani to‘g‘risida ma’lum qilishi, bu haqda veterinar pasportga qayd etilishi lozim.

Jonivor so‘yilgani yoki o‘lganidan so‘ng bir hafta muddat ichida ID-raqamli atribut va veterinar pasport yo‘q qilish uchun yashash joyi bo‘yicha veterenariya xizmatiga topshirilishi zarur.