O‘zbekiston Prezidentining 11 sentyabrdagi qarori bilan 2018−2020 yillarda avtomobil yo‘llari, jumladan shaharlarning umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va ko‘chalarini ko‘kalamzorlashtirish dasturi qabul qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar qildi.

Uch yil davomida 1,6 milliondan ziyod daraxt va buta ko‘chatlarini o‘tqazish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 782 mingtasi shaharlar, 103 mingtasi Toshkent ko‘chalariga ekiladi.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasiga avtomobil yo‘llariga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifa va vakolatlar yuklatildi. Qo‘mita huzuridagi «Avtoyo‘lko‘kalamzorlashtirish» korxonasi «O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish» korxonasiga aylantirildi.

1 oktyabrdan boshlab umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shuningdek shaharlarning tegishli ko‘chalarini shartnoma asosida ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari qayta tashkil etilgan korxona tomonidan amalga oshiriladi.

«O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish» direktori qo‘mita raisining avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari hisoblanadi. Qo‘mita tuzilmasida Avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish boshqarmasi tashkil etildi.