Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) talabalari 22 sentyabr kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida bir kun bo‘lganidan so‘ng uyga qaytishdi. Talabalarni paxta dalalaridan qaytarish masalasi bir kun muqaddam O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘tkazgan selektor yig‘ilishidan so‘ng boshlandi. «Gazeta.uz» muxbiri vokzalda talabalarni kutib oldi.

TIQXMMI talabalari bo‘lgan reys 14:50 da yetib keldi. Institutning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori Qodir Shovvozovning ma’lum qilishicha, jo‘natilgan barcha talabalar — 2500 ga yaqin kishining barchasi qaytarildi. Avvalroq — 13:30 da esa Toshkent davlat agrar universiteti talabalari bo‘lgan 26 vagonlik tarkib yetib keldi.

«Gazeta.uz» muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda talabalar hattoki paxta dalasiga chiqishga ulgurmaganini ma’lum qilishdi. «Qaytganimizdan xursandmiz, Prezidentimizga rahmat», — dedi birinchi bosqich talabalaridan biri.

«Biz paxtaga boshqa bormaymizmi? Hattoki unga qo‘l tegishga ham ulgurmadik», — deydi boshqasi.

«Davlatga foydamiz tegishini istagan edik, shuning uchun paxtaga borgandik», — dedi yana bir talaba.

Video


Foto