O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSHga tashrifi jarayonida Samarqandda inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda juma kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bilan uchrashuvda 2018 yilda nishonlanuvchi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan forum o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.

«O‘zbekiston endi himoyalanish pozitsiyasida turmaydi. Avval bizni tanqid qilishgan, biz esa himoyalanganmiz va javob qaytarganmiz. Endi O‘zbekiston nafaqat milliy darajada, balki global miqyosidagi tashabbuslar bilan chiqadi», — dedi Akmal Saidov.

U, shuningdek Prezident BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining O‘zbekistondagi idorasini ochib, Bishkek orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishni taklif qilganini ta’kidlab o‘tdi (IHBOKning mintaqaviy idorasi Bishkekda joylashgan — tahr.).

Akmal Saidov so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha har qanday masalada ochiq, teng, konstruktiv mamlakatga aylanganidan dalolat beradi.