O‘zbekiston Fan va texnologiyalar agentligi hamda «Yashnobod» texnoparki direksiyasi texnopark rezidenti maqomini olish uchun innovatsion ishlanmalarni saralashni boshladi.
O‘zbekiston Fan va texnologiyalar agentligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, bugungi kunda 3D-printerlar va ko‘p funksiyali onlayn kassa apparatlari ishlab chiqarishni rejalashtirgan ikki korxonaga rezidentlik maqomi berilgan.
«Yashnobod» texnoparki rezidenti maqomini olish uchun Toshkentda innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni mo‘ljallagan har qanday korxona, poytaxtning qaysi tumanida joylashganidan qat’i nazar, ariza topshirishlari mumkin.
«Yashnobod» texnoparki «Yangiobod» bozori hududining yarim qismini — 7,5 gektarga yaqin maydonni egallaydi. Avval foydalanilgan tovarlar savdosiga ixtisoslashgan «Yangiobod» bozori esa ikki oy muddatda poytaxtning Bektemir tumani hududiga ko‘chiriladi.
Innovatsion texnopark direksiyasi Toshkent shahri Yashnobod tumani Majnuntol ko‘chasi 5-uy manzilida joylashgan. Mo‘ljal — Mudofaa vazirligi (sobiq Aviasozlar) madaniyat saroyi. Ma’lumotlar uchun telefon raqamlari: (+99890) 995−49−08, (+99893) 652−42−50.