20 sentyabr kuni Muborak gazni qayta ishlash zavodida gazdan propan va butan ajratish qurilmasini tozalash vaqtida ehtiyotsizlik oqibatida zavod ishchilaridan 4 nafari gazdan zaharlangan. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Natijada 3 nafar xodim — sex boshlig‘i A’zam Kuliyev, operatorlar Qudrat To‘rayev va Umrzoq O‘rinovlar birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay voqea joyida vafot etishgan.

Operator Davron Botirov Muborak tumani markaziy kasalxonasiga yotqizilgan. Uning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.

Mazkur holatning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va bu kabi hodisalarning oldini olish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Komissiya tomonidan vafot etganlarning oila a’zolariga barcha zaruriy yordamlarni ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.