21 sentyabr kuni «Biologik xilma-xillikning global ahamiyatga ega bo‘lgan turlari uchun muhim bo‘lgan tog‘ hududlarida tabiat resurslaridan hamda o‘rmon xo‘jaligidan barqaror foydalanish» loyihasi ishga tushirildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Loyihaga binoan, O‘zbekistonning Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari ma’muriy chegaralaridagi G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘larida qor qoplonining yashash joylarini tabiiy holatda saqlash bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Loyihani 2017−2022 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, texnik hamkorlik byudjeti 6,5 mln AQSH dollarini tashkil etadi.

Loyiha BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik jamg‘arma bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Shuningdek, Qor qoplonini saqlash va uning ekotizimlarini himoya qilish bo‘yicha Global dastur va hamkor tashkilotlar loyiha sheriklari hisoblanadi.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsadi O‘zbekistonning yuqori tog‘ tizmalari noyob va boy bio xilma-xilligini muhofaza qilish hamda barqaror foydalanishga ko‘maklashishdan iborat.