O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlatlari o‘rtasidagi «Kosonsoy» chegara-bojxona posti faoliyati qayta tiklandi, deb xabar qildi O‘zA.

Ochilish marosimida viloyat va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, faxriylar, yoshlar, jurnalistlar, shuningdek, Olabuqa rayoni hokimi o‘rinbosari boshchiligida tashrif buyurgan qirg‘izistonlik mehmonlar ishtirok etdi.

Mehmonlar chegara postida o‘zbekona mehmondo‘stlik udumlariga binoan karnay-surnay sadolari ostida tantanali kutib olindi.

Marosimda o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining tarixi umumiy, madaniy va diniy qadriyatlari mushtarak, an’ana va urf-odatlari o‘xshash ekani, xalqlar o‘rtasidagi qadimiy do‘stlik, qardoshlik va ahil qo‘shnichilik munosabatlari keyingi vaqtlarda yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

«Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5 sentyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Prezident Almazbek Atamboyev bilan uchrashuvi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamladi, — dedi Kosonsoy tumani hokimi vazifasini bajaruvchi J.Yo‘ldoshev. — Eng muhimi, xalqlarimiz o‘rtasidagi milliy munosabatlarda azaliy do‘stona mehr-oqibat, o‘zaro xayrixohlik, ishonch va samimiyat yana o‘z o‘zanini topdi».

«Men Qirg‘izistonning Olabuqa tumanida tug‘ilganman, — deydi Kosonsoy tumanidagi 2-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi M.Rejabboyeva. — 2000 yilda bu yerga kelin bo‘lib tushdim. O‘tgan yillar mobaynida qarindosh-urug‘larimiz bilan bordi-keldi qilish chegaradagi muammolar tufayli biroz qiyinlashib qolgan edi. Prezidentimizning yaqinda Qirg‘izistonga davlat tashrifidan so‘ng har ikki tomondagi jigarbandlarni qiynayotgan bu muammoga barham berildi. Xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar uchun davlatimiz rahbaridan behad minnatdormiz».

«To‘rt jiyanim Kosonsoy tumaniga turmushga chiqqan, — deydi Olabuqa rayoni Oqsoqollar kengashi raisi M.Samatqulov. — Ular bilan keyingi bir necha yil mobaynida bordi-keldi qilolmay keldik. Biroq xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy qardoshlik rishtalari sira uzilmagan. Ishonamiz, bundan keyin ham yanada mustahkamlanib boraveradi. Shunday tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin!»

Viloyat san’atkorlari, badiiy havaskorlik jamoalarining o‘zbek, qirg‘iz va boshqa millatlar kuy-qo‘shiqlari, raqslaridan tuzilgan konsert dasturi namoyish etildi.

Avvalroq 6 sentyabrdan o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi «Do‘stlik» chegara-o‘tkazish punkti qayta ochilgani xabar qilingan edi.