O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi doirasida 20 sentyabr kuni Nyu-Yorkda O‘zbekiston — AQSH biznes forumi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA.

O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda AQSHning 100 dan ortiq yetakchi kompaniyasi rahbarlari ishtirok etdi. «General Electric», «Honeywell», «ExxonMobil», «CNH Industrial», «John Deere», «Coca-Cola», «Boeing», «Caterpillar», «City Group», «Visa», «AGCO», «Gilead Sciences» kabi yirik korporatsiyalar shular jumlasidan.

Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi raisi K.Lemm, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi A.Ahmadxo‘jayev va boshqalar miqyosi va kun tartibiga ko‘ra yirik bo‘lgan ushbu biznes forum mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishga intilishining tasdig‘i ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston — AQSH iqtisodiy sherikligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uning izchil va barqaror rivojlanishida tomonlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi.

Forum sho‘’balaridagi muzokaralarda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonda qulay investitsiyaviy muhitni shakllantirish hamda sanoat, infratuzilma, turizm, fan va ta’lim sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari qizg‘in muhokama qilindi.

Amerikalik ishtirokchilar O‘zbekistonda valyutani tartibga solish tizimiga bozor mexanizmlarini joriy qilish, bank-moliya tizimini mustahkamlash, biznesning soliq yukini qisqartirish, investorlar uchun, jumladan, mamlakatimizda tashkil etilgan yangi erkin iqtisodiy zonalar doirasida qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadilar.

Biznes forum ishtirokchilari tomonlarni qiziqtirgan aniq investitsiya va savdo loyihalarini muhokama qildilar, ularni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni belgilab oldilar.

Tadbir yakunida AQSH kompaniyalari bilan umumiy qiymati 2,6 milliard dollarga teng bo‘lgan yirik hujjatlar to‘plami, jumladan, «General Electric» va «Honeywell» korporatsiyalari bilan neft-gaz va neft-kimyo sohalarida, «CNH Industrial», «John Deere» va «Caterpillar» kompaniyalari bilan mashinasozlik sohasida, «OSI Systems» va «Lutron» kompaniyalari bilan elektrotexnika sohasida, «Boeing» kompaniyasi bilan fuqaro aviatsiyasi sohasida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, Toshkent shahrida Vebster universiteti filialini ochish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Bu AQSH oliy o‘quv yurtining MDH mamlakatlaridagi birinchi to‘laqonli filiali bo‘ladi.