Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi axborot xizmati smartfonlarida O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlangan foto va videofayllar mavjud bo‘lgani uchun qo‘lga olingan fuqarolar to‘g‘risida xabar qildi.

Ushbu fayllar smartfonlarning «Telegram» deb nomlangan papkasida saqlangani aniqlandi. Boshqarma xabarida taqiqlangan materiallarni noqonuniy ravishda olib kirishga uringan smartfon egalarini «telegramchilar» deb atalgan.

Ana shunday holatlardan birida «Keles» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari «Novosibirsk-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha kirib kelgan poyezd yo‘lovchisi fuqaro J.Jumayevda (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan Samsung rusumli uyali telefon borligi aniqlandi. Telefonning «Telegram» nomli papkasida 12dona behayo mazmundagi video va 65 dona behayo mazmundagi foto fayllar hamda vahshiylikni targ‘ib qiluvchi video rolik borligi ma’lum bo‘ldi.

«Shunga o‘xshash holatda „Moskva-Toshkent“ yo‘nalishi bo‘yicha kirib kelgan fuqarolar M.Uzoqov va B.Zakirovlar bojxona nazoratidan chetlab olib o‘tmoqchi bo‘lgan „Samsung“ rusumli uyali telefonlarining» Telegram" papkasida 84 dona behayo mazmundagi video fayllar va 255 dona foto suratlar borligi ma’lum bo‘ldi.Telefon egalari qo‘l telefonlariga foto va videofayllar qanday qilib tushib qolganidan go‘yoki bexabar ekan", — deyiladi xabarda.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 189- moddasi bilan ma’muriy ish yuritilib, ko‘rib chiqish uchun tegishli sud idoralariga yuborildi.

Bojxona boshqarmasi Prezidentning 1997 yil 10 oktyabrdagi farmoniga muvofiq O‘zbekistonga urush, terrorizm, zo‘ravonlik, milliy ajratish va diniy qarshilik, rasizm va uning turlarini (antisemitizm, fashizm) targ‘ib etuvchi hamda pornografik mazmundagi materiallarni olib kirish taqiqlanganini eslatib o‘tadi.

O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, pornografik, shuningdek zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish fuqarolarga eng kam ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shunday harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilsa, u holda aybdor shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq, eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.

«Gazeta.uz» izohi: Qayd etish joizki, taqiqlangan xarakterdagi fayllar messenjerda turli kanallar yoki guruhlarga a’zo bo‘lgan har bir foydalanuvchi smartfoniga hattoki unga mutlaqo qiziq bo‘lmasa ham tushib qolishi mumkin. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, turli kanal va guruhlarga foydalanuvchining ijozatisiz a’zo qilib qo‘yish keng tarqalgan. Shu bois sozlamalar orqali notanish shaxslarning turli kanal va guruhlarga a’zo qilib qo‘yishini cheklash maqsadga muvofiq.