Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududida to‘rt kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat prokuraturasi saytida xabar qilindi.

«Guliston-Angren» avtomobil yo‘lining 159- km da Nexia avtomashinasi haydovchisi yuk mashinasi bilan to‘qnashuv sodir qilishi natijasida yengil avtomashina haydovchisi va 3 nafar yo‘lovchisi voqea joyida vafot etdi.

Voqea joyida favqulodda xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishladi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent viloyati hududida 900 dan ziyod yo‘l-transport hodisalari sodir etilib, ularning natijasida yuzlab insonlar turli og‘irlik darajasidagi tan jarohatlari olishgan, o‘nlab insonlar halok bo‘lishgan.

Yo‘llarda yuz berayotgan avtotransport vositalarini boshqarish bilan bog‘liq ko‘plab fojia va baxtsiz hodisalarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib, yo‘l harakati ishtirokchilari tomonidan xavfsizlik qoidalariga rioya etilmasligi hamda mazkur sohadagi korrupsiya holatlari bo‘lib qolmoqda.

Masalan, joriy yilning avgust oyida haydovchilik guvohnomasini berishdagi korrupsiyaviy holat fosh etildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqarolar B.A. va A.A. ariza bilan murojaat qilib, «Avto-moto xavaskorlar» MCHJ avtomaktabi instruktorlari D.Kurbonov i S.Axatov haydovchilik guvohnomasini olish uchun sinov imtihonlaridan o‘tkazib berish evaziga ularning har biridan 130 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini talab qilayotganligini bildirishgan.

Mazkur ariza asosida Bekobod shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hamkorlikda bir qator tezkor-tergov tadbirlari o‘tkazilib, ularning natijasiga ko‘ra avtomaktab instruktorlari D.Kurbonov (1983 y.t.) va S.Axatov (1973 y.t.), viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tumanlararo bo‘linmasi xodimi N.Sultonov (1984 y.t.) va uning «norasmiy» yordamchisi D.Abduvaxidov (1975 y.t.) 260 ming so‘m pul mablag‘larini pora tariqasida olganligi uchun ushlandi.

Tadbir davomida gumonlanuvchilar bundan oldin ham YHXB xodimiga fuqarolardan pora olishda «ko‘mak» berganliklarini bildirib, D.Abduvaxidov ixtiyoriy ravishda muqaddam N.Sultonovga berib qo‘yish uchun yuqoridagi avtomaktab instruktorlaridan olib, o‘z avtomashinasida saqlab kelayotgan 1 mln so‘m pul mablag‘larini tergovga taqdim etdi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210 va 212-moddalari (pora olish va pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur sohada huquqbuzarliklar va baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan aholidan yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish ishida ishtiroksiz qolmaslik so‘raladi. Korrupsiyaga qarshi kurashdagi o‘z hissasini qo‘shishni istaganlar uchun poytaxt viloyati prokuraturasi saytida anonim ijtimoiy so‘rov tashkil etilgan.