O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Xalqaro valyuta jamg‘armasi farmoyish beruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi, deb xabar qildi O‘zA.

Jamg‘arma rahbari 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq iqtisodiy va tarkibiy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bilan davlat rahbarini qutladi.

Kristin Lagard Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida iqtisodiyot va ijtimoiy hayot barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda valyuta islohoti jarayonida davlat organlari va tijorat banklarini qo‘llab-quvvatlash, savdodagi tariflarni kamaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Davlat byudjetini profitsit bilan bajarish, soliq ma’murchiligi va davlat statistikasi sohasini tubdan yaxshilash, bank tizimining barqarorligini ta’minlash, tashqi savdo siyosatini erkinlashtirish kabi navbatdagi vazifalarga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston bilan Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamkorligini kengaytirish, mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini takomillashtirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamg‘armasi texnik ko‘maklashish va iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha tavsiyalar berish orqali O‘zbekiston moliya tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.