Amerikaning The Wall Street Journal nashri 14 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga safari arafasida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maqolani e’lon qildi. Uning qisqacha mazmuni «Jahon» AA tomonidan chop etildi. Xuddi shu kuni Forbes jurnali sayti ham O‘zbekiston to‘g‘risida yirik materialni e’lon qildi.

Material muallifi Yaroslav Trofimovning yozishicha, muqaddam eng yopiq mamlakatlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston qadamba-qadam dunyoga ochilmoqda. So‘nggi bir yil davomida respublikada erkinlashtirish borasida ko‘plab o‘zgarishlar qayd etildi. Mamlakatni mintaqaning og‘ir vaznli a’zosi sifatida ta’kidlab o‘tgan muallif O‘zbekistonning AQSH bilan aloqalarini rivojlantirish maqsadida ekanini yozadi. Davlat afg‘on muammosini hal etish uchun ham yaqindan ish olib bormoqda.

Yaroslav Trofimov O‘zbekistonning siyosiy tizimni erkinlashtirish, diniy erkinlik va o‘tkir muammolarni ko‘tarib chiqishni boshlagan OAV erkinligini kengaytirishdagi qarorlarini yodga olib o‘tadi. Maqolada o‘zbek hukumatidagi kadrlar almashinuvi masalasi ham ko‘tarilgan. Unga ko‘ra, muhim lavozimlarga jumladan G‘arbda tahsil olgan yoshlar tayinlanayotgani aytib o‘tilgan.

Tashqi siyosatda Toshkent ko‘p yillar davomida yopiq bo‘lgan chegaralarni ochish yo‘li bilan mintaqadagi qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni me’yorlashtirishga kirishgan. Respublika Markaziy Osiyoda yaqin hamkorlik va savdo-sotiqni kengaytirishga katta e’tibor qaratgan. O‘zbekiston 2019 yilda sobiq ittifoqdan meros bo‘lib qolgan chiqish vizasini bekor qilish rejalari to‘g‘risida ham xabar qilindi.

Iqtisodiy sohada O‘zbekiston yaqindagina milliy valyutani «suzib yuruvchi» kursga o‘tkazgani qayd etilgan. Nashrning ishonch bildirishicha, bu iqtisodiyotni rivojlantirishga katta turtki beradi.