O‘zbekiston Futbol federatsiyasi milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimiga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda federatsiya matbuot xizmati xabar qildi. Yangi murabbiyni tayinlash sport tashkilotining beshta ustuvor masaladan biri hisoblanadi.

O‘FFning yangi rahbariyati kelishilgan o‘yilarga qarshi kurashni kuchaytirishni maqsad qilgan. Federatsiya tuzilmasida futboldagi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha maxsus bo‘lim, shuningdek, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash bo‘yicha bo‘lim va qo‘mita tashkil etilib, ular faoliyatini Futbol federatsiyasining shaxsan o‘zi nazorat qiladi.

Navbatdagi vazifa bolalar va o‘smirlar futbolini qing‘irliklardan tozalashdan iborat bo‘lib, yoshlarning futbol maktablari va klublariga joylashishida, shuningdek, mashg‘ulotlar jarayonida mahalliychilik va urug‘-aymoqchilikka yo‘l qo‘yilmasligi va sport prinsiplarining birlamchi bo‘lishini ta’minlashga qaratiladi. Bundan tashqari, futbolchilarning yoshlarini soxtalashtirish kabi illatga qarshi kurashish bo‘yicha ham yangi chora-tadbirlar belgilab olinadi.

Federatsiyaning «Har bir bolaga bittadan to‘p» nomli yangi rivojlantirish dasturi ishga tushiriladi.

Shuningdek, federatsiya ishining shaffofligini ta’minlash va shu orqali fuqarolarning federatsiyaga ishonchini ortishiga erishish galdagi ustuvor vazifalardan. Aksariyat murojaatlarda federatsiya xalqning mablag‘ini suiiste’mol qilganlikda ayblanadi. Fuqarolarda paydo bo‘lgan noto‘g‘ri tasavvurni yo‘qotish uchun federatsiya moliyalashtirish uchun mablag‘ni qayerdan olib, qayerga sarflashini shaffoflashtirishni ta’minlaydi.

Bundan tashqari, federatsiya terma jamoalar, chempionat, kubok va birinchilik o‘yinlariga elektron chiptalar savdosini yo‘lga qo‘yish orqali ishqibozlar chiptalarni o‘z narxida va teng taqsimlash tizimini yo‘lga qo‘yishdir. Bu bilan chiptalar savdosiga chayqovchilarning ta’sirini kamaytirish, hududlardagi ishqibozlarning o‘z uylaridan turib o‘yinlarga chipta sotib olishini ta’minlash kabi qulayliklarni yaratish asosiy maqsad qilib olingan, deyiladi xabarda.

O‘FF Prezidenti Umid Ahmadjonov ushbu haftada FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashadi.

Keyingi haftada esa O‘FF 2018−2022 yillarda Futbolni rivojlantirish dasturini taqdim etadi.