Toshkentda an’anaviy ICTWEEK Uzbekistan 2017 Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boshlandi. Joriy yil Haftalikning barcha tadbirlari «O‘zekspomarkaz"da bo‘lib o‘tadi.

Haftalikning ilk rasmiy tadbiri ICTSummit 2017 seshanba kuni bo‘lib o‘tdi. Sammitda davlat organlari, AKT sohasi korxona va tashkilotlari rahbarlari, xalqaro ekspertlar chiqish qildi.

20 sentyabr kuni ikki kunlik ICTForum 2017 ochiladi. Unda «Egovernment Uzbekistan», «Biznes sektorda raqamli transformatsiya», «IT-infrastruktura» va «Axborot xavfsizligi» seksiyalarida ma’ruzalar o‘qiladi.

19−21 sentyabr kunlari an’anaviy ICTEXPO 2017 Axborot texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Uch kun davomida ko‘rgazmaga 35 ming kishining tashrif buyurishi kutilmoqda.

ICTWEEK doirasida Xalqaro elektroaloqa uyushmasining AKT sektorida axborot xavfsizligiga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar-treningi ham bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Aloqa sohasida Mintaqaviy hamkorlik ishchi guruhining axborot jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha majlisi va boshqa tadbirlar tashkillashtiriladi.