O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yakshanba kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tkazilayotgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Ochilish marosimida ko‘plab mamlakatlardan kelgan davlat va hukumat rahbarlari, Osiyo olimpiya kengashi rahbariyati, faxriy mehmonlar, minglab sport ishqibozlari to‘plandi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Osiyo o‘yinlarini rasman ochiq, deb e’lon qildi. Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad al-Fahad as-Saboh barchani ushbu sport bayrami bilan qutladi.

Osiyo o‘yinlari madhiyasi yangrab, Osiyo Olimpiya kengashining bayrog‘i ko‘tarildi. O‘yinlar mash’alasi yoqildi.

Osiyo o‘yinlarida 60 dan ortiq mamlakatdan sportchilar ishtirok etmoqda. Stadion bo‘ylab ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari o‘tdi.

O‘zbekiston bayrog‘ini og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati kumush medali sohibi Ulug‘bek Alimov olib o‘tdi.

Delegatsiyasi tarkibidan 189 sportchi o‘rin olgan bo‘lib, ular sportning 20 turi bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Ashxobodda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi.