O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika va zoologiya instituti bazasida ikkita alohida ilmiy muassasa — Botanika instituti va Zoologiya instituti tashkil etildi. Bu Prezidentning 4 sentyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Qaror botanika va zoologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish, respublika o‘simlik va hayvonot olami bioxilma-xilligini saqlash, zamonaviy fan va iqtisodiyot tarmoqlarining talablaridan kelib chiqqan holda botanika va zoologiyaning alohida yo‘nalishlarini rivojlantirish, shuningdek, o‘simlik va hayvonot olamini o‘rganish hamda muhofaza qilish borasidagi maxsus vazifalar yechimini tezlashtirish maqsadida qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining «G‘o‘za sistematikasi va introduksiyasi» laboratoriyasi, «G‘o‘za genofondi» noyob ob’ekti va issiqxona kompleksini Botanika instituti tasarrufiga o‘tkazish belgilandi.

Botanika va zoologiya instituti (avval — O‘simlik va hayvonot dunyosi genofondi instituti) 2012 yil «Botanika» ilmiy-ishlab chiqarish markazi (2001 yilda tashkil topgan) va Zoologiya instituti (1950 yilda asos solingan) birlashuvidan tuzilgan.