2018/2019 o‘quv yilidan O‘zbekistonning har bir tuman va shahrida maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi eng kamida bittadan muassasa ochiladi. Bu Prezidentning «Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab yuridik shaxslar tomonidan mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni litsenziya asosida amalga oshiriladi. Qaror nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish, ta’limning yuqori sifatini ta’minlashda davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, shuningdek, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi.

Qarorga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlarda nodavlat ta’lim sektorining umumiy o‘rta ta’limdagi ulushi yuqori bo‘lib, Germaniyada 12 foizni, Fransiyada 17 foizni, AQSHda 18 foizni, Buyuk Britaniyada 20 foizni, Ispaniya, Irlandiya va Gollandiyada 30 foizni tashkil etadi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 43 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi tegishli litsenziyaga ega bo‘lib, xalq ta’limi tizimidagi 9680 ta maktabga nisbatan ularning ulushi 0,4 foizni tashkil etadi. Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarining aksariyat qismi (27 ta) Toshkent shahrida joylashgan, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida birorta nodavlat maktabi tashkil etilmagan.

Faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat ta’lim muassasalaridan 20 tasi boshlang‘ich ta’lim (1−4-sinflar), qolgan 23 tasi umumiy o‘rta ta’lim (1−9-sinflar) bosqichlariga mo‘ljallangan, ulardagi 330 ta sinfda 6 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi (davlat maktablari kontingentiga nisbatan 0,12%).

YUNESKO va DGP Research & Consulting konsalting tashkiloti hamkorligida jalb etilgan xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan milliy ta’lim tizimini kompleks o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda ta’lim sifatini yaxshilashda raqobat muhitini shakllantirish, bunda xususiy ta’lim sektorini rivojlantirishga ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor qaratish zarurligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Qarorda o‘rnatilgan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berish huquqi nazarda tutilgan.

Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda quyidagilar tavsiya qilindi:

ta’lim jarayonini o‘qitishning eng zamonaviy texnologiyalaridan foydalangan holda fanlarni chuqurlashtirib o‘rgatish yo‘nalishida tashkil etish;

o‘zlariga nom tanlashda Vatanimizning mashhur va buyuk olimlari, jamiyat arboblari ismlaridan o‘rnatilgan tartibda foydalanish;

ilg‘or ilmiy-amaliy tajribani joriy etish hamda chuqurlashtirib o‘rganiladigan fanlarni chet tilida o‘qitish uchun ta’lim jarayoniga xorijiy pedagog va mutaxassislarni jalb qilish.

Qaror bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami o‘quvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan holda bepul (grant asosida) o‘qitish belgilangan.

Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga uzoq muddatli kreditlar ajratish, 2021 yilga qadar ta’lim va unga tegishli xizmatlar bo‘yicha barcha soliq turlari to‘lovlaridan ozod qilish rejalashtirilgan.