O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 sentyabr kuni «Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorini imzoladi. Hujjatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholi turmush darajasini oshirish uchun monetar siyosatning amaldagi vositalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etilgan.

Qaror bilan Markaziy bankning o‘rta istiqbolda pul-kredit siyosati maqsadlariga erishish tamoyillari va mexanizmlarini ichki narxlarni barqarorlashtirishni ta’minlashda dunyo davlatlari markaziy banklari qo‘llayotgan inflyatsion targetlash rejimiga qayta yo‘naltirish taklifi tasdiqlangan.

MB, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2017- 2021 yillar davomida pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish va inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha Kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Markaziy bankka 2018 yil 1 yanvarga qadar 2018−2021 yillarda Pul-kredit siyosatini amalga oshirish va rivojlantirish bo‘yicha Konsepsiya hamda «Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Unga ko‘ra, umumiqtisodiy, soliq-byudjet va pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish, davlat byudjetining barqarorligi va iqtisodiyotda narxlar barqarorligiga asosiy e’tibor qaratiladi.

Likvidlikni taqdim etish va jalb qilish operatsiyalari bo‘yicha qo‘llanilayotgan pul-kredit siyosatining samarali foizli vositalari yig‘masi kengaytiriladi.

Tijorat banklari tomonidan, jumladan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini shakllantirishda bozor mexanizmlaridan keng foydalanilishiga urg‘u berilib, ushbu jarayonlar makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirishning ilg‘or xorijiy modellariga muvofiq ravishda takomillashtiriladi.

Pul-kredit siyosati shaffofligini kuchaytirish, jumladan amalga oshirilayotgan siyosatda qo‘llanilayotgan vositalar va yakuniy maqsadlar to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish yo‘li bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Joriy yil 1 oktyabriga qadar respublika moliya bozori, jumladan o‘rta va uzoq istiqbolda davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilishi lozim.