4 sentyabr kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi «Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorni e’lon qildi.

Hujjatga muvofiq, 2018 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalari haydovchilari ikki yilda bir marta majburiy ravishda malaka oshirishlari lozim. Malaka oshirish 1 yanvardan istisno tariqasida yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalarini boshqaruvchi haydovchilarning malakasini oshirish bo‘yicha faoliyat olib borish huquqiga ega bo‘lgan Avtotest Report o‘quv majmuasi sertifikati bilan tasdiqlanishi lozim.

Sertifikat namunasi.

Yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari haydovchilarining har ikki yilda majburiy ravishda malaka oshirishi to‘g‘risidagi qaror ko‘p hollarda yo‘l-transport hodisalari yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari haydovchilari ishtirokida sodir bo‘lishi bilan izohlangan.

Hukumat qarori ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar, yuridik shaxslar haydovchilari ko‘proq YTH sodir etayotganini tasdiqlovchi statistika bilan qiziqib, qaror loyihasining jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilmaganidan noroziligini bildirgan.

Juma kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov «Gazeta.uz» muxbirining shu haqdagi savoliga javob berar ekan, mazkur masala o‘rganib chiqilishini ma’lum qildi.

«Qiziqarli savol, nima uchun bittagina tashkilotga berildi. Bu yerda monopoliya borku. Shuning uchun, o‘ylaymanki, masala mutasaddi tashkilotlar bilan o‘rganib chiqiladi. Hali kech emas, biz (SSP — tahr.) hamkorlikda taklif kiritishimiz mumkin», — dedi u.

Islom Jasimov O‘zbekistonda ham butun dunyodagi kabi ayrim davlat xizmatlari bosqichma-bosqich tadbirkorlik sub’ektlariga yuklatilayotganini ta’kidlab o‘tdi. Biroq SSP mazkur masalani ekspert kengashi yig‘ilishida ko‘tarib chiqadi.

«Biz o‘z tomonimizda, agarda imkoniyat bo‘lsa, xalqaro ekspertlar va tadbirkorlarimizni taklif qilgan holda ekspert kengashi yig‘ilishida muhokama qilib, o‘z takliflarimizni hukumatga olib chiqamiz», — dedi SSP raisining birinchi o‘rinbosari.