5 sentyabr kuni Toshkentda Spark avtomobilini o‘g‘irlab, yirik yo‘l-transport hodisasini sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qurbonov payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Dastlabki surishtiruvlar vaqtida qo‘lga olingan shaxsning nafaqat avval ham jinoyat sodir etgani, balki ruhiy kasalliklar shifoxonasi ro‘yxatida turishi ham ma’lum bo‘ldi. Jinoiy ish doirasida sud-meditsina ekspertizasi o‘tkazilib, qo‘lga olingan shaxsning aqli rasoligi va uning jinoiy ish sub’ekti bo‘la olishiga oydinlik kiritiladi.

IIBB rahbarining ma’lum qilishicha, o‘g‘irlangan avtomobilni tutish operatsiyasida «Qo‘lga olish» operatsiyasi amalga oshirilgan. Unda o‘g‘ri bo‘ysunmagan taqdirda o‘q uzgan holda transport vositasiga shikast yetkazish yo‘li bilan uni to‘xtatishga ijozat beriladi.

«Xodimlarimiz o‘q otar qurolni qo‘llagan holda transport vositasiga shikast yetkazib, uni to‘xtatish va atrofdagilarga shikast yetkazishga yo‘l qo‘ymaslikka erishishdi, — dedi Bahodir Qurbonov. — Xizmat tekshiruvida xodimlarimiz o‘q otar quroldan qonuniy asoslarda foydalangani aniqlandi».

IIBB boshlig‘ining qayd etishicha, xodimlar o‘q otar quroldan avtomobilni boshqarayotgan shaxs yuziga qarata foydalanish imkoniyatiga ham ega bo‘lishgan. Biroq ichki ishlar vazirining topshirig‘iga asosan quroldan faqatgina mashinaga shikast yetkazish maqsadida foydalanilgan.

«Xodimlar avtomobilga qarata o‘q uzganiga qaramasdan, ular fuqarolar va o‘g‘rining jabrlanishiga yo‘l qo‘yishmadi», — deya qayd etdi IIBB boshlig‘i.

U, shuningdek: «Bizda alohida reja bor. Jinoyatchi qurollangani, u avtotransportda ekani va atrofdagilarga xavf tug‘dirayotgani to‘g‘risida aniq axborotga ega bo‘lsak, biz qurolni shunday jinoyatchilarga qarata qo‘llashimiz mumkin va qo‘llaymiz ham», — dedi.

«Internetdagi videoni diqqat bilan ko‘rgan bo‘lsangiz, ichki ishlar organlari xodimi o‘q yo‘nalishiga tushib qoldi, biroq ortga chekinmadi, ikkinchisi quroldan foydalanishi mumkin edi, ammo xalq va transport vositalari to‘planib turganini hisobga olib, yangidan o‘q uzilishiga yo‘l qo‘ymadi. Toshkent IIBB xodimlari malaka va jangovar tayyorgarligini namoyon eta olishdi», — dedi Bahodir Qurbonov.

«Bu kabi har qanday tahdid qat’iy, bartaraf etiladi, haqqoniy va qonuniy asoslarda bartaraf etiladi», — deya qo‘shimcha qildi IIBB rahbari.

U ichki ishlar organlari faoliyati ortida O‘zbekiston Prezidentining: «Har bir jinoyat ortida jabrlanuvchi va jinoyatchi turadi. Ular bilan emas, jinoyatga olib kelgan sabablar bilan kurashish kerak. Fuqarolar ham jinoyatchi, ham jabrlanuvchi bo‘ladi. Biz ularning barchasini himoya qilishimiz kerak», — degan talabi turishini ta’kidlab o‘tdi.