«Chiroyli» avtomobil raqamlarini sotish bo‘yicha sentabr boshida ochilgan onlayn-auksionda birinchi raqam — E070EA (Jizzax viloyati, jismoniy shaxs) bo‘ldi.

Avtoraqamlarni sotish bo‘yicha tarixda birinchi shartnoma 14 sentyabr kuni 15:24 da qayd etildi, deb xabar qildi O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati.

Shartnoma qiymati lotning boshlang‘ich bahosi 7488750 so‘m bo‘lgan holatda 7563637,5 so‘mni tashkil etdi. Tasdiqlangan talablarga muvofiq, savdo g‘olibi besh kun ichida shartnoma bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishi va 10 kun ichida o‘z nomiga rasmiylashtirishi lozim.

Ayni paytda avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida 841 ta «chiroyli» davlat avtomobil raqamlari savdoga qo‘yilgan bo‘lib, ularning 635 tasi jismoniy, 206 tasi yuridik shaxslar uchun. Onlayn-auksion ariza taqdim etilgandan uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda yakuniga yetadi.

«Chiroyli» avtoraqamlarni onlayn-auksionda sotish tizimini joriy etish Prezidentning 11 iyuldagi qarorida ko‘zda tutilgan edi.