O‘zbekiston Prezidenti 14 sentyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga yo‘naltirilgan fanlarni chuqurlashtirish o‘qitishga ixtisoslashgan maktabni tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Maktabga Xalq ta’limi va Moliya vazirliklari belgilagan kvota asosida 5-sinfdan yozma va og‘zaki sinovlar natijalari asosida o‘quvchilar qabul qilinadi. Maktabda matematika, fizika, informatika va xorijiy tillar chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. O‘quvchilarda dasturlash, ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va axborot xavfsizligi borasidagi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Maktab Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi aniq fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi bazasida tashkil etiladi. Yangi muassasaga Mirzo Ulug‘bek informatika kasb-hunar kollejining bino va inshootlari beriladi. Kollejning 2−3-bosqich o‘quvchilari ushbu binoda ta’limni davom ettiradi.

Ta’lim-tarbiya jarayonini dunyo standartlari asosida tashkil etish uchun maktabga TATU va Inha universitetlari professor-o‘qituvchilari jalb qilinadi.

Qarorda «Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari» mukofotini ta’sis etish ham ko‘zda tutilgan. Ushbu mukofot matematika, fizika va informatika fanlarini integratsiyalagan iqtidorli maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi respublika tanlovi natijalari bo‘yicha taqdim etiladi.

Xuddi shu kuni Astronomiya instituti qoshida matematika, astronomiya, fizika va informatika chuqurlashtirib o‘qitiladigan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident qarori imzolandi.