Sobiq «Tosho‘yinchoq» zavodining 12 ming kv. m. maydondagi bo‘sh yotgan bino va inshootlari bazasida bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish bo‘yicha beshta investitsion loyiha birlashtiriladi.

Investitsion loyihalarning umumiy qiymati 23 million AQSH dollarini tashkil etadi, deb xabar qildi «Strategik taraqqiyot» Markazi «Gazeta.uz"ga. klaster korxonalarida 700 turdagi plastmassa, yumshoq, rivojlantiruvchi, mexanik, boshqariluvchi va boshqa o‘yinchoqlar hamda bolalar buyumlari ishlab chiqariladi.

Loyihaviy quvvati yiliga 7 million dona o‘yinchoqni tashkil etadi. 80 foiz mahsulotlar eksportga yo‘naltiriladi. Loyihalarni amalga oshirish orqali 950 ga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi.

Investorlarni jalb etgan holda ishlab chiqarish klasterini yaratish ishlari O‘zbekiston Prezidentining 6 iyuldagi qarori asosida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan amalga oshirilmoqda.

Avvalroq xabar qilinganidek, Toshkentning Olmazor tumanida bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish bo‘yicha texnopark tashkil etish masalasi avgust oyida Davlat invesitsiyalar qo‘mitasi vakillarining xitoylik investorlar bilan uchrashuvida muhokama qilingan edi.

Klaster ob’ektlaridan biri — qayta tashkil etilgan Tashkent Sanhe Toy o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi. Fabrikada har yili 200 turdagi 2,2 million dona yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqariladi. 450 ga yaqin ish o‘rinlari tashkil etiladi. Fabrika 2018 yilning martida ishga tushiriladi.