O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 2017 yil 17 sentyabr kuni Turkmanistonga tashrif buyuradi, deb xabar qildi O‘zA.

Davlat rahbari Ashxobod shahrida o‘tkaziladigan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etadi.

Tashrif doirasida Prezident qator davlatlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.

Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlari 17−27 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Turdiyevning ma’lum qilishicha, musobaqalarda O‘zbekiston sha’nini 189 sportchi himoya qiladi.

Ular yengil atletika, og‘ir atletika, sport kurashlari (erkin, yunon-rum va ayollar kurashi), taekvondo, velosport (trek), ot sporti, shaxmat, suzish, tennis, futzal, basketbol (3×3), kurash, belbog‘li kurash, turkman kurashi, sport raqsi, kikboksing, muaytay, jiu-jitsu, sambo va bouling kabi sport turlaridan bellashadi.