Konvertatsiya ochilgan sanadan (5 sentyabr) buyon O‘zbekiston banklari sotib olgan valyuta miqdori 300 milliondan ziyodroqni tashkil etdi, deya xabar qildi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Timur Ishmetov 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

200 milliondan ziyodroq dollar ayriboshlash punktlari orqali aholidan sotib olingan bo‘lsa, 100 million dollar eksportchilardan kelib tushgan. Ushbu mablag‘lar valyuta birjasiga sotish uchun qo‘yilgan. Yuridik shaxslardan xorijiy valyuta sotib olishga bo‘lgan talab 100 million dollardan ziyodroqni tashkil etgan.

«Asosan fuqarolar va korxonalardan xorijiy valyutani sotish bo‘yicha takliflar soni oshmoqda, — deya qayd etdi Timur Ishmetov. — Xaridorlar hozircha kamroq, biroq ular soni ortib bormoqda».

Taklif talabdan ko‘proq bo‘lgan vaziyatda Markaziy bank savdolarda ishtirok etib, kursning o‘ta o‘zgaruvchanligining oldini olish choralarini ko‘radi, deya qo‘shimcha qildi MB raisining birinchi o‘rinbosari.

«Bozor kursning sezilarsiz o‘zgaruvchanligiga tezkor munosabat bildirishni o‘rgansa, eksportchilarda ular har qanday vaziyatdan xorijiy valyutani real bozor kursida almashtirish mumkinligiga ishonch paydo bo‘ladi va ular bugun sotib olish, ertaga sotishni kutish yoki qandaydir qimmatlik sifatida saqlashga hojat qolmaydi», — deya izoh berdi Timur Ishmetov.