O‘zbekiston Prezidentining 12 sentyabrdagi farmoyishi bilan Tashqi ishlar vazirligining vatandoshlar bilan «to‘g‘ridan-to‘g‘ri» muloqoti yakunlarini amalga oshirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhini tashkil etildi.

5 iyul kuni vazir, shuningdek O‘zbekistonning xorijdagi barcha muassasalari va TIVning hududiy vakolatxonalari rahbarlari ishtirokida jonli muloqot jonli muloqot bo‘lib o‘tgan edi. Vazirlik, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalariga o‘nlab murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlar fuqarolik, yo‘qolgan hujjatlarni tiklash, yaqin va qarindoshlarni qidirish, murakkab hayotiy vaziyatlarga tushib qolganlarga yordam ko‘rsatish kabi muammolarga aloqador edi.

Fuqarolarni eng ko‘p qiynayotgan masalalardan biri — xorijga chiqish uchun stiker Prezidentning 16 avgustdagi farmoni bilan 2019 yil 1 yanvardan bekor qilinib, xorijga chiqish uchun pasport joriy etiladi.

Jonli muloqot natijalaridan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, fuqarolarni qiynayotgan barcha muammolar ham tashqi siyosat mahkamasi vakolatlariga kirmaydi. O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnomani rasmiylashtirish, eski namunadagi yoki muddati o‘tgan pasportlarni almashtirish, fuqarolikdan chiqish, fuqarolikni olish va boshqalar shular jumlasidan.

Mahkamalararo ishchi guruhi doimiy asosda faoliyat ko‘rsatib, fuqarolarning konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha murojaatlarini vazirlik va mahkamalarni jalb etgan holda har tomonlama o‘rganadi va ularni o‘z vaqtida ob’ektiv hal etish, fuqarolarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash va himoya qilishga qaratilgan choralarni ko‘radi.