O‘zbekiston Prezidenti 12 sentyabr kuni «Kam ta’minlangan aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish davlat rahbarining yaqinda qabul qilingan farmonida valyuta siyosatini erkinlashtirish oqibatlarini yumshatish bo‘yicha choralardan birini sifatida ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Hujjat bilan 2017−2018 yillarda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hududiy manzilli dasturlar ishlab chiqilishi belgilangan. Ularda ish bilan bandlikning muayyan turlari bilan shug‘ullanishni xohlovchi kam ta’minlangan oilalarga tijorat banklarini imtiyozli kreditlash jamg‘armasining maxsus mablag‘lari hisobiga imtiyozli foiz stavkalariga ega mikrokreditlar ajratish ko‘zda tutilgan.

Mikrokreditlar tikuv mashinalari, matolar va zarur materiallar, hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish uchun inventarlar, maishiy, kompyuter va boshqa texnikalar, shuningdek o‘z-o‘zini band qilish uchun turli xil asbob-uskunalar sotib olishga ajratiladi. Bundan tashqari, kreditlar shaxsiy tomorqa uchastkalari (qora mol, parrandalar sotib olish, kichik issiqxonalar, molxona va kataklar qurish, bog‘ inventarlari va asbob-uskunalarini sotib olish) va turar joylarni ta’mirlash uchun yo‘naltirilishi mumkin.

Davlat byudjeti, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va «Mahalla» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan (teng ulushlarda) og‘ir yashash sharoitlariga ega, boquvchisini yo‘qotgan va nogironlarni parvarishlayotgan oilalarga beg‘araz yordamlar ko‘rsatiladi.

Jumladan, 2017 va 2018 yillarda respublikaning har bir tumani va shahrida mos ravishda 2 va 5 tadan turar-joyiga ega bo‘lmagan yoki avariya holatidagi yoki juda eski uylarda yashayotgan oilalarga 10 yil davomida mol-mulkini boshqalar nomiga o‘tkazish huquqisiz arzon uy-joy ajratish rejalashtirilgan.

2017 va 2018 yillarda mamlakatning har bir tumani va shahrida mos ravishda 10 va 25 tadan kam ta’minlangan oilalarning turar joylarini ta’mirlash (tomni ta’mirlash, pol yotqizish, oyna-derazalarni almashtirish vahokazo) rejalashtirilgan.

Joriy va kelgusi yilda har bir tuman va shaharda 70 tagacha oilalarga maishiy texnikalar (gaz- elektr pechlar, muzlatkichlar, tikuv mashinalari va boshqalar) yoki bir boshdan yirik shoxli qora mol berish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, har bir tumanda a’zolari og‘ir kasallikka chalingan va ularni davolashga mablag‘lari bo‘lmagan o‘rtacha oltitagacha oilaning tibbiy xizmatlar to‘lovi amalga oshiriladi.

Butun mamlakatda, ayniqsa qishloq va olis tumanlarda band bo‘lmagan fuqarolar aholi punktlari, mahallalarni obodonlashtirish, ariqlar, irrigatsiya tarmoqlarini tozalash, uy-joy kommunal ob’ektlarini ta’mirlash, infratuzilmalarni yaxshilash, yo‘l va ko‘chalar, uy-joy fondlari ob’ektlari va ularga yondosh hududlarni ta’mirlash, shuningdek qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha jamoat ishlariga jalb etish rejalashtirilgan.

1 oktyabrdan mazkur jarayon Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan tumanda sinov tariqasida, 2018 yil 1 yanvardan bosqichma-bosqich O‘zbekistonning barcha tuman va shaharlarida boshlanadi.

2017 yilda jamoat ishlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga davlat byudjetidan 84 mlrd, 2018 yilda esa 714 mlrd so‘m ajratiladi.

Jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolarning Jamoat ishlari jamg‘armasidan oladigan mablag‘lari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. Ushbu daromadlar yagona ijtimoiy to‘lovga ham tortilmaydi.

2017—2018 yillarda 14 yoshgacha farzandlari bo‘lgan oilalar va kam ta’minlangan oilalar nafaqa ko‘rinishidagi to‘lovlar hajmi mos ravishda 1,5 va 2 barobarga oshiriladi.