Kun.uz tahririyati Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev tumandagi maktablarning direktorlarini kaltaklagani tasvirlangan video tasvirni e’lon qildi.

Videodan ko‘rinib turibdiki, ma’muriyat rahbari qatorga turgan direktorlarni navbati bilan urib, haqoratlamoqda. Uning so‘zlaridan anglash mumkinki, maktab direktorlari Mustaqillik bayramiga o‘qituvchilarni olib kelmagani uchun «jazolangan».

«Aybdorlar"ning asosan yelkalariga ikki qo‘l bilan, ulardan birining esa yuziga ham urilgan.

Manbaga asoslanib Kun.uz‘ning xabar qilishicha, avgustda sodir etilgan mazkur hodisaga bayramni past saviyada tashkillashtirgani uchun hokimga Sirdaryo viloyati ma’muriyat boshlig‘ining e’lon qilgan xayfsani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Nosirjon Egamberdiyev Sayxunobod tumaniga 2016 yilning oktyabrida hokim etib tayinlangan. U bungacha Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.