O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) 12 sentyabr kuni «O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari -xorijiy ommaviy axborot vositalari diqqat markazida» sarlavhali materialni e’lon qildi. Unda Shavkat Mirziyoyevning Ostonada Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitidagi nutqiga bag‘ishlab xorij saytlarida e’lon qilingan maqola va xabarlar tahlil qilingan.

«Davlatimiz rahbari tomonidan IHT sammitida Tashkilotning fan va texnologiyalarni rivojlantirish sohasidagi sa’y-harakatlarini faollashtirishga doir bildirilgan tashabbuslar internet hamjamiyati tomonidan yuksak baholandi va keng qo‘llab-quvvatlandi, bugun ham internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar diqqat markazida bo‘lib turibdi», — deyiladi materialda.

Sharhda sakkiz internet nashridan iqtiboslar keltirilgan bo‘lib, ularning to‘rttasi O‘zbekistonda ochilmaydi. Ular Bi-Bi-Sining O‘zbek xizmati, «Ozodlik», «Vecherniy Bishkek» radiosi va KANT.kg saytidir. UAport.net, Sputnik O‘zbekiston, «Kazaxstanskaya pravda» va CA-News.org saytlari ayni paytda erkin ochilmoqda.