Xalqaro IDC tadqiqot va konsalting kompaniyasi O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya bozori o‘sishini bashorat qilmoqda, deya xabar berdi IDC’ning Olmaotada joylashgan mintaqaviy vakolatxonasi «Gazeta.uz"ga. Hukumatning iqtisodiyotni isloh qilish, xususan valyuta siyosati va tashqi savdo operatsiyalarini erkinlashtirish borasidagi choralari mamlakatdagi umumiy biznes iqlimga, shu bilan birgalikda AKT bozoriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

IDC fikricha, 2017 yilda O‘zbekiston AKT bozori devalvatsiya hamda iqtisodiyotning davlat va korporativ sektori qayta tiklanishi sharoitida avval bashorat qilingan 4,8 foiz o‘rniga 6,9 foizga o‘sadi.

Xizmatlar segmentida eng ko‘p o‘sish qayd etiladi — 17,6 foiz (13,3 foiz). Bu o‘sish IT-qurilmalar va dasturiy ta’minot segmentlarida mos ravishda 6,1 foiz (4,1 foiz) va 13,6 foizni (12,4 foiz) tashkil etadi.

IDC hisob-kitoblariga ko‘ra, hukumatning tashqi savdo operatsiyalari, valyuta rejimi hamda O‘zbekistonda biznesni yuritish sharoitlarini erkinlashtirish bo‘yicha barcha rejalari amalga oshgan taqdirda, AKT bozorining o‘sish sur’atlari o‘rtacha 30 foizdan ziyodroqni tashkil etadi.

IDC tahminiga ko‘ra, besh yildan so‘ng O‘zbekiston AKT bozori 2016 yil bilan taqqoslanganda 83,5 foizga o‘sadi. Bunda qurilmalar segmenti 76,9 foiz, DT — 145,2 foiz, xizmatlar — 171,5 foiz o‘sishi kutilmoqda. Hukumat iqtisodiyotni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar qo‘llagan taqdirda o‘sish sur’atlari yanada yuqori bo‘ladi.