O‘zbekiston Markaziy banki valyutalarning so‘mga nisbatan yangi kursini o‘rnatdi. 12 sentyabrdan bir AQSH dollari avvalgi haftada belgilangandan 7,87 so‘mga arzonlab, 8092,13 so‘mni tashkil etdi. Yevro 73,17 so‘mga qimmatlashib, 9718,65 so‘mga, Rossiya rubli esa 1,30 so‘mga ko‘tarilib, 141,21 so‘mga yetdi.

Devalvatsiyadan so‘ng milliy valyuta birvarakayiga 3889,65 so‘mga (4210,35 so‘mdan 8100 so‘mga) ko‘tarildi. Markaziy bank 5 sentyabrdan har hafta buxgalteriya hisobi, statistika va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish uchun xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan rasmiy kursini o‘rnatishda davom etmoqda.

MB saytida e’lon qilingan xabarda oydinlik kiritilishicha, so‘mning xorijiy valyutaga nisbatan ayirboshlash kursi tijorat banklari tomonidan o‘z mijozlari — xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning tegishli buyurtmalari asosida xorijiy valyutani xarid qilish va sotish amaliyotlari o‘tkaziladigan O‘zbekiston valyuta birjasidagi har kunlik banklararo savdo sessiyalarida shakllanadi.

Ayirboshlash kursining shakllanishi uchun bozor sharoitlarini ta’minlash maqsadida banklararo savdolarda Markaziy bankning ishtiroki minimal darajada bo‘ladi. Alohida hollarda Markaziy bank valyuta kursi keskin tebranishlarining oldini olish maqsadida chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalarini o‘tkazishi mumkin. Ichki valyuta bozori va uning ishtirokchilari ayirboshlash kursining bozor shartlarida shakllanishiga to‘liq moslashguniga qadar ma’lum vaqt talab qilinishini inobatga olgan holda, dastlabki bosqichlarda Markaziy bankning ishtiroki faol bo‘ladi.