Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 sentyabrda «O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatini tartibga solishga doir chora-tadbirlarni davom ettirish to‘g‘risida"gi qarorini imzoladi.

Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga bergan xabariga ko‘ra, 10 sentyabrdan birlamchi shakldagi polimerlar, kauchuk, o‘simlik to‘qimachilik tolalari, qora metallardan tayyorlangan ba’zi buyumlar, kimyoviy mahsulotlar (yog‘och qatroni, insektitsidlar, metall yuzalariga kimyoviy usulda ishlov berish uchun ishlatiladigan preparatlar, yog‘lash moylariga qo‘shiladigan prisadkalar va boshqalar) uchun nol foizli bojxona to‘lovlari stavkasi joriy etildi. Kontakt linzalarini saqlash uchun eritmalar, videoga olish va videoni aks ettiruvchi uskunalarga bojxona boji stavkalari pasaytirildi.

Xuddi shu sanadan boshlab O‘zbekistonga olib kirilayotgan PVX/PET-plyonkalar, noto‘qima materiallar, temir va legirlanmagan po‘latdan tayyorlangan simlarning ayrim turlari, videoga olish va videoni aks ettirish uskunalari, kontakt linzalarini saqlash uchun tomchilar va eritmalar uchun aksiz solig‘i bekor qilindi.

Vazirlikdan aniqlik kiritilishicha, tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xom ashyo va materiallarga bojxona to‘lovlarining pasaytirilishi milliy ishlab chiqaruvchilar uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxining kamayishi va ularning raqobatbardoshligining oshishiga rag‘bat sifatida xizmat qilishi lozim.