O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 sentyabr kuni Ostonada Islom hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Eron, Turkiya va Afg‘oniston prezidentlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan bilan o‘tkazilgan muzokaralarda iqtisodiy hamkorlik, transport, kommunikatsiya, energetika, bank, ilm-fan sohalaridagi sherikchilik, shuningdek terrorizmga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi, deb xabar qildi Eron Prezidenti sayti.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Eronning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lish harakatini (hozirda Eron kuzatuvchi maqomiga ega) qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek o‘zaro manfaatli barcha sohalarda aloqalarni kengaytirishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shavkat Mirziyoyev Hasan Ruhoniyni O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on. Foto: president.uz.

O‘zbekiston rahbarining Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ikki mamlakatning savdo-iqtisodiyot, investitsiya, sayyohlik va boshqa sohalardagi aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Prezidenti sayti. Eslatib o‘tamiz, oktyabrda Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi rejalashtirilgan.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya bir-birini muhim va uzoq muddatli sheriklar sifatida ko‘rishi, tomonlar hamkorlikni o‘zaro ishonch asosida kengaytirish va uni yanada yuqori darajalarga olib chiqish tarafdori ekanini qayd etishdi.

Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G‘ani. Foto: president.uz.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuvida mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari sayti.

Ikki davlat rahbarlarining iyunda SHHT doirasidagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlar asosida ikki tomonlama hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» qabul qilingan edi. 2017 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi 18,5 foizga o‘sdi.