Toshkentga Asian Fight 2017 shousi faxriy mehmoni sifatida taklif qilingan taniqli kinoaktyor va jang san’atlari ustasi Stiven Sigal tadbirda ko‘rinish bermadi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Jang san’atlari ustasi turnir boshlanishidan bir kun avval — 8 sentyabrda Toshkentga kelgan edi. Juma kuni Stiven Sigal O‘zbegim Milliy qadriyatlar festivalida ishtirok etib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan oshdan tatib ko‘rdi. U Davlat madaniyat va san’at instituti hamda BABOS ot sporti klubiga tashrif buyurdi.

Asian Fight 2017 turniri doirasida Stiven Sigal yosh sportchilar va aktyorlar uchun master-klass o‘tib berishi rejalashtirilgan edi, biroq aktyor O‘zbekiston terma jamoasi jangchilari va jahon termasi vakillari o‘rtasidagi bellashuvlar o‘tkazilgan «Bunyodkor» stadioniga kelmadi.

Ko‘plab tomoshabinlar turnirning 1,5 soat kechikib boshlangani, suv yetishmasligi, ayrim jangchilarning tanishtirilmagani, bahslar qanday tartibda va kimga qarshi o‘tkazilishi ma’lum qilinmaganidan noroziligini bildirdi. Qayd etish joizki, muaytay bo‘yicha ko‘p karra jahon chempioni o‘zbekistonlik Anvar Boynazarov ham musobaqada ishtirok etmadi.

Dastlab turnirning faxriy mehmoni sifatida aktyor Jan-Klod Van Damm va aralash janglar ustasi Jeff Monson taklif qilingan edi. Biroq 6 sentyabr kuni ular bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingani xabar berildi.