O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z farmoni bilan Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy-huquqiy komissiyasi kotibi, O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi hamraisi Men Szyanchjuni «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Mukofot mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, shuningdek, yirik iqtisodiy va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdim etildi.

Orden Men Szyanchjuga 9 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti qabuli vaqtida topshirildi. Davlat rahbari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama hamkorlikning jadallik bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi amaliy hamkorlik, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi aloqalar istiqbollari muhokama qilindi. Yanvar-iyul oylarida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollardan oshdi.