«Irma» to‘foni Amerikaning Florida shtatida katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. Hukumatning ma’lum qilishicha, to‘fon sababli 30 milliondan ziyod kishi turli darajada zarar ko‘rdi. 6,3 million floridalikni evakuatsiya qilish talab qilinsa, ularning 114 ming nafari 500 ta vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirildi.

Euronews ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni kechqurun to‘fon bilan bog‘liq uchta o‘lim hodisasi qayd etilgan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Florida shtatida yirik tabiiy ofat rejimini e’lon qilish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. U shtatni qayta tiklash bo‘yicha choralarni kuchaytirishga buyruq berdi.

Avvalroq «Irma» Kuba va Karib havzasidagi boshqa orollarga jiddiy zarar yetkazgan edi. 1,2 million kishi tabiiy ofatdan jabr ko‘rdi. Jumladan, Barbadosdagi qariyb barcha binolar vayron bo‘lgan, Puerto-Riko aholisi elektr ta’minotisiz qolgan. Britaniya Virgin orollari, Sen-Marten, Sen-Bartelemi, Sent-Kits va Nevisda ham qator vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi.