Toshkent shahrida xizmat olib borayotgan 150 nafar tayanch punkti profilaktika inspektorlarining tantanali qasamyodi hamda ularga xizmat uylari va shaxsiy avtomashinalarini tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Toshkent IIBB sayti ma’lum qildi.

Bunday tadbir O‘zbekistonda birinchi marotaba o‘tkazildi. Unda Senat raisi, Prezident Davlat maslahatchilari, bosh prokuror, mudofaa va ichki ishlar vazirlari, Toshkent hokimi, «Mahalla» va «Nuroniy» jamg‘armalari raislari, poytaxt tumanlari hokimlari va prokurorlari, shuningdek profilaktika inspektorlarining ota-onalari va yaqin qarindoshlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

10 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzolagan edi. 20 aprel kuni esa davlat rahbari profilaktika inspektorlarini xizmat vazifasini bajarayotgan hududda xizmat uylari bilan ta’minlash dasturini tasdiqladi. 2018 yil so‘ngiga qadar mamlakatning barcha hududlarida 1327 ta xizmat kvartirasi va 3829 ta xizmat uylari taqdim etiladi.