Taniqli aktyor Stiven Sigal Asian Fight 2017 xalqaro jang san’atlari turnirida faxriy mehmon sifatida qatnashish uchun Toshkentga keldi.

Mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari xodimlari va sport muxlislari kutib oldi.

«O‘zbekiston juda mehmondo‘st diyor ekani haqida ko‘p eshitgandim. Yurtingizga kelishim bilan meni tantanali tarzda kutib olishganini ko‘rib, quvondim, — deydi Stiven Sigal. — Mamlakatingizda so‘nggi yillarda sport jadal rivojlanayotgani va sportchilaringiz erishayotgan yuksak g‘alabalarga havas qilamiz. Meni buyuk allomalar, dunyo tan olgan sportchilar kamol topgan yurtga taklif etishganidan behad shodman».

Asian fight — 2017 xalqaro turniri doirasida taniqli aktyor, rejissyor, prodyusser va jang san’ati ustasi Stiven Sigal tomonidan yosh sportchilar va kinoaktyorlarga mahorat saboqlari o‘tkaziladi.