Adliya vazirligi Shodiyev xalqaro fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasini ro‘yxatdan o‘tkazdi, deb xabar qildi vazirlik axborot xizmati.

Fattoh Shodiyev (1953 yilda tug‘ilgan) — O‘zbekistonda tug‘ilgan, ayni paytda Belgiya fuqarosi hisoblanadi. Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti (MDXAI) bitiruvchisi. Qozog‘iston bosh vazirining maxsus maslahatchisi (1995−1997 yillar), Sobiq ittifoqning Yaponiyadagi savdo vakolatxonasi maslahatchisi (1976−1979), SSSR Savdo vazirligida sovet-yapon iqtisodiy munosabatlari bo‘yicha yetakchi mutaxassis (1979−1989) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Rossiya TIV huzuridagi MDXAI vasiylik kengashi a’zosi, MDXAIni rivojlantirish fondi asoschilaridan biri, ENRC (Eurasian Natural Resources Corporation) kompaniyasiga sherikchilik asosida egalik qiladi, IMR (International Mineral Resources) tog‘-kom investitsion kompaniyasi aksioneri, Yevroosiyo banki (Qozog‘iston) direktorlar kengashi a’zosi.

Fattoh Shodiyev 1996 yilda o‘z nomi bilan fond tashkil etgan. Bosh idorasi Lixtenshteynda joylashgan. Fond ilm-fan, ta’lim, tibbiy, ijtimoiy va madaniy sohalardagi xayriya loyihalariga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistondagi vakolatxonasi esa bolalar uylariga gumanitar va tibbiy yordam ko‘rsatishni asosiy yo‘nalish qilib belgilagan. Keyt Elizabet Maguayr vakolatxona rahbari etib tayinlandi.