O‘zbekiston notarial idoralari faoliyatida yig‘ilib qolgan muammolar hamda ularni bartaraf etish mexanizmlari Adliya vazirligida notariuslar hamjamiyati bilan uchrashuvda muhokama qilindi.

Adliya vazirligi axborot xizmatining xabar qilishicha, ishtirokchilar bilan notarial idoralardan navbatlarning ko‘payib ketishi, notariuslar va idora xodimlarining fuqarolar bilan muomala madaniyatining pastligi, davlat bojlarini hisoblashda yagona amaliyotning mavjud emasligi, shuningdek notarial harakatlarni rasmiylashtirishda ortiqcha hujjatlarning talab qilinishi kabi muammolarning yuzaga kelish sabablari tahlil qilindi.
Mamlakatdagi notaruslarning 21 foizi, amalga oshirilayotgan barcha notarial harakatlarning uchdan bir qismi Toshkent ulushiga to‘g‘ri kelishi inobatga olinib, poytaxtdagi notarial idoralar faoliyati shahar Adliya boshqarmasidan bevosita Adliya vazirligi boshqaruvi ostiga o‘tkazildi.
Notariuslar va notarial idoralar faoliyati ustidan doimiy jamoatchilik monitoringini amalga oshirish uchun Toshkent notarial idoralari 11 ta sektorga bo‘linib, ularning har birida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, mahallalar, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan ishchi guruhlari shakllantirildi. Aholi murojaatlari, takliflari va shikoyatlari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilib, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida «Adliya bilan muloqot» ochiq guruhi tashkil qilindi.
«Eng yaxshi ilg‘or tajriba» loyihasi doirasida poytaxt notarial idoralarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish, xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish va yagona notarial amaliyotni joriy etish belgilandi.
Sohaga chuqur bilimlar, yuksak ma’naviyat va madaniyatga ega kadrlarni jalb qilish maqsadida yangi tartib va yangicha talablarga asoslangan holda notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov qoidalari joriy etildi. Tanlovlar internetda to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiya qilish yo‘li bilan keng jamoatchilikni jalb qilgan holda ochiq shaklda o‘tkaziladi. Ilk bor ana shunday tanlov 4 sentyabr kuni sinovdan o‘tkazildi. Unda 25 nafar tanlov ishtirokchisining faqatgina 4 nafari sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Notarius kasbi vakillari Xalq ishonchini oqlash va notarial xizmatlarni ko‘rsatishdagi mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha majburiyatlarni qabul qildi. Ushbu majburiyatlarda notarius vazifasini bajarishda halollik va vijdonlilik bilan ishlash, xalqqa sodiqlik bilan xizmat qilish, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etish, etika qoidalariga so‘zsiz rioya qilish va notarius qasamini buzmaslik kabilar aks ettirilgan. Mazkur majburiyatlar notarial idoralarning kirish qismiga ilib qo‘yiladi.
Yuqoridagi talablar bilan bir qatorda notariuslarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ortiqcha va keraksiz majburiyatlardan, faoliyati doirasiga kirmaydigan ishlardan ozod qilish choralari ham belgilab olindi.