O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 9−10 sentyabr kunlari Qozog‘istonga tashrif buyuradi va Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida ishtirok etadi, deb xabar qildi O‘zA.

Sammit «Islom dunyosida fan, texnologiyalar, innovatsiyalar va modernizatsiya» shiori ostida o‘tkazilib, Ostonada o‘tgan EXPO-2017 xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmasining rasmiy yopilishiga bag‘ishlanadi.

Davlat rahbari tashrif doirasida Ostona shahrida EXPO-2017 xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmasining rasmiy yopilish marosimida ishtirok etishi hamda xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama qator uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.