O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 7 sentyabr kuni Human Rights Watch xalqaro nodavlat tashkilot delegatsiyasini qabul qildi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati. Muqaddam xabar qilinganidek, O‘zbekistonga HRW ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Hyu Uilyamson va Markaziy Osiyo bo‘yicha ofis rahbari Stiven Sverdlov tarkibidagi delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama aloqalarning dolzarb masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017 2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi chuqur islohotlarning yaxlit dasturi sifatida O‘zbekiston va Human Rights Watch o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochishi qayd etildi.

Huquqni himoya qiluvchilar vakillari o‘zlarining Toshkent shahrida o‘tkazilgan ko‘p sonli davlat va nodavlat tuzilmasidagi uchrashuvlardan olgan taassurotlar to‘g‘risida so‘zlab berishdi.

Suhbat davomida ikki tomon aloqalaridagi ma’lum muddat to‘xtalishdan so‘ng shakllanayotgan hamkorlikning kun tartibiga doir boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.